Ertaklar





Uddaburon olmaxon

Qalin qor yog‘ib, o‘rmon ham, jonivorlar ham uyquga ketibdi. Ko‘zlarini ochsa-a… Yangi yilga bir kun qolgan emish. Shoshib qolishibdi: Yangi yilni kutib olishga kim chiqadi? Yana, eng baland tog‘ning tepasidagi eng baland archaga! Muhimi, shartni bajarish kerak: archa uchidagi taqvim – yilnomaning so‘nggi varag‘ini olishga ulgurish kerak. Bo‘lmasa o‘rmonga Yangi yil kirib kelmaydi. Hamma shundan tashvishga tushibdi. Ular uzooq uxlab qolishganiga ming pushaymon bo‘libdi. Darhol ro‘yxat tuzishibdi: ayiq, tulki, quyon, maymun, mushuk… Va nihoyat, olmaxonni ham yoqtirmaygina navbatga qo‘yishibdi.
– Tezroq ulgurishimiz kerak. Tezroq! – debdi jonivorlar bir-biriga.
Ayiq tepaga chiqishni boshlabdi-yu, zumda qaytib tushibdi. Tulki u yon-bu yonga o‘tib, nimadir demoqchi bo‘libdi. Ammo eplolmayman, deyishdan uyalib, sir boy bergisi kelmabdi.
– Bir, ikki, uch, to‘rt, – hali besh aytilmasdan gupillab yiqilgan ovoz eshitilibdi.
– Boshim aylandi, – debdi tulki, – mazam yo‘q edi.
Maymun qo‘llarini uzatib, shoxga tirmasha boshlabdi. Hamma “zo‘r-zo‘r” deya baqiribdi. Ammo archaning shoxlari ingichkalashgan joydan bir qarich ham o‘tolmabdi. Quyon bilan mushuk ulardan ancha balandlabdi. Lekin ko‘zlagan joyga chiqisholmabdi. Kun qoraygandan qorayibdi.
Navbat olmaxonga kelibdi.
– Qattiq izg‘irin essa, ehtiyot bo‘l, – debdi tulki. – U yoq-bu yoqqa uchib ketsang, seni qidirib yurmaylik.
Olmaxon jajji qo‘llarini puflab isitganday bo‘libdi. So‘ng bir sakrab, archa shoxlariga tirmashibdi.
Yana sanoq boshlanibdi: yetti deganda, olmaxon olislab marraga yetganday ko‘rinibdi. Hamma qarsak chalib yuboribdi:  ammo olmaxon ko‘zga ko‘rinmay qolibdi. Ular qo‘llarini karnay qilib olmaxonni chaqiribdi.
Endi gapni olmaxondan eshiting: u marraga yetib, soatiga qarasa, hali vaqt bor emish: balandlikdan tog‘-u o‘rmonni kuzatish mazza ekan, deb atrofga qarabdi. Qizil chiroq ko‘ringanday bo‘libdi. U qizil qalpoq kiyib, qop orqalagan Qorbobo ekan. Yonida zangor kiyimdagi Qorqiz. Qo‘lidagi kitob yaltirab, raqamlar jilolanarmish. Olmaxon uni yaqindan ko‘rgisi kelibdi… Hali ulguraman, deb archa shoxlarini zinapoya qilib, ular tomon shoshibdi. Salom beribdi. Qarasa, yaltirayotgan raqamlar – Yangi yilnoma ekan. Uni silabdi. Shunda Qorbobo bilan Qorqiz taqvimni olmaxonga sovg‘a qilibdi.
U yana soatiga qarabdi: ulgurish kerak. Kelgan yo‘lidan iziga qaytibdi, eski yilnomaning so‘nggi varag‘ini uzishi bilan bong urilibdi. Shunda archaga yangi taqvimni ilibdi. Hammayoq yorishib ketganday bo‘libdi. Jonivorlar hang-u mang bo‘lib qolibdi. Ular olmaxon bilan quchoqlashib ko‘rishishibdi. Mo‘’jizakor o‘rmon ham uyqusini yo‘qotib, qarsak chalarmish.

Boshqa o'xshashlari


Saxiy bilan Baxil

Bir bor ekan, bir yo’q ekan, qadim zamonda Saxiy bilan Baxil bo’lgan ekan. Kunlardan bir kuni ular birga sayohatga boribdilar. Yoida Baxil suv solingan meshning og’zini hech ochmabdi, oziq-ovqat solgan xaltasini yechmabdi. Saxiyning suvini ichib, nonini yeb yuraveribdi. Bir kuni Saxiyning suvi ham, noni ham tamom bo’libdi. Ular charchab, bir cho’lda dam olgani o’tiribdilar. Baxil […]

Batafsil
Buzoq, echki va qo‘zi

Bor ekanda yo‘q ekan, bir dangasa bor ekan, hech ishga tobi yo‘q ekan. U hatto shu daraja dangasa ekanki, kunga chiqib o‘tirishni ham xushlamas ekan. Uning birgina xotinidan boshqa hech kimi yo‘q ekan. Bahor kelib, o‘tlar ko‘karib, yozning issiq kunlari kelmasdan boylar o‘z mollari bilan yaylovga ko‘chib ketar ekanlar. Hech qanday moli bo‘lmasa ham dangasa […]

Batafsil
Ayyor bilan sodda

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir ayyor bilan sodda bo‘lgan ekan. Kunlardan bir kuni ular safar qilmoq uchun yo‘lga chiqishibdi. Yo‘lda ketayotib, bir xumcha oltin topib olishibdi. Oltinni ikkovi bo‘lib olmoqchi bo‘lishibdi. Biroq ayyor soddaga oltinlarni berishni xohlamabdi-da, soddani aldash yo‘liga tushibdi. Ayyor soddaga shunday debdi: — Agar biz oltinlarni shaharga olib […]

Batafsil