She'rlar





Vatanim

Men dunyoni nima qildim,
O`zing yorug` jahonim,
O`zim xoqon,
O`zim sulton,
Sen taxti Sulaymonim,
Yolg`izim,
Yagonam deymi,
Topingan koshonam deymi,
O`zing mening ulug`lardan
Ulug`imsan, Vatanim…

Shodon kunim gul otgan sen,
Chechak otgan izimga,
Nolon kunim yupatgan sen,
Yuzing bosib yuzimga.
Singlim deymi,
Onam deymi,
Hamdardu hamxonam deymi,
Oftobdan ham o`zing mehri –
Ilig`imsan, Vatanim.

Sen Mashrabsan,
Xalqda tumor,
Balxda dorga osilgan,
Navoiysan, shoh yonida
Faqirini duo qilgan.
Yassaviysan, meniki deb,
Ko`ringan da’vo qilgan,
Ming bir yog`i ochilmagan
Qo`rig`imsan, Vatanim.

Sen Ho`jandsan,
Chingizlarga
Darvozasin ochmagan,
Temur Malik orqasidan
Sirdaryoga sakragan,
Muqannasan qorachig`i
Olovlarga sachragan,
Shiroqlarni ko`rgan cho`pon
Cho`lig`imsan, Vatanim.

Kim Qashqarni qildi makon,
Kim Enasoy tomonda,
Jaloliddin – Qurdistonda,
Boburing – Hindistonda,
Bu qanday yuz qarolig` deb
Yotarlar zimistonda,
Tarqab ketgan to`qson olti
Urug`imsan, Vatanim…

O`g`lim desang osmonlarga
G`irot bo`lib uchgayman,
Chambil yurtda Alpomishga
Navkar bo`lib tushgayman,
Padarkushdan pana qilib
Ulug`beging quchgayman,
G`ichir-g`ichir tishimdagi
So`lig`imsan, Vatanim…

O`tgan kuning – o`tgan kundir,
O`z boshingga yetgan kun,
Qodiriyni bergan zamin,
Qodiriyni sotgan kun.
Qo`lin bog`lab,
Dilin dog`lab,
Yetaklashib ketgan kun,
Voh bolam! deb aytolmagan
Dudug`imsan, Vatanim.

Yoningda qon yig`lagan bir
Shoiringga qarab qo`y,
Gar Qo`qonga yo`ling tushsa,
Detdomlarni so`rab qo`y.
Hech bo`lmasa Usmon hokin
Keltirmoqqa yarab qo`y,
Olislarda qurib qolgan
Qudug`imsan, Vatanim…

Sen – shoxlari osmonlarga
Tegib turgan chinorim,
Ota desam,
O`glim deb,
Bosh egib turgan chinorim,
Qo`ynimdagi iftixorim,
Bo`ynimdagi tumorim,
O`zing mening ulug`lardan
Ulug`imsan, VATANIM !

Muhammad Yusuf

Boshqa o'xshashlari


Qorboboga sher

Dala-dashtda tindi ish, 
Mehmon bo’lib keldi qish. 
Qish emas u qorbobo, 
Sovg’alari bor bobo! 

Batafsil
Yangi Yil bayramiga atab sherlar

Salom archa, bugun barcha
Dildan jo’shib kuylaymiz.
Shodligimiz sig’may ko’kka,
Qish faslini qutlaymiz.

Batafsil
Yangi yil kechasi

Ko’nglimizning parchasi,
Yangi yilning kechasi.
Ulashilar sovg’alar,

Batafsil